Bugun 12.05.2024, 13:05Salom Гость | RSS
...
Bosh Sahifa
Bo'limlar
Referatlar [8]
O'zbekiston tarixi [4]
Testlar [2]
O'quv qo'llanmalar [0]
Mashxur shaxslar [3]
BA Markazlari [1]
Dastur va O'yinlar [0]
Kitoblar [0]
Jahon mamlakatlari [4]
PC Soft [1]
Video Darslik [3]
Aloqa
Statistika
Яндекс цитирования Рейтинг@Mail.ru
Hozir Saytda: 1
Mehmon: 1
Foydalanuvchi: 0
Reklama

Bosh Sahifa


» » O'zbekiston tarixi

O'zbekiston


·
O‘ZBEKISTON

(O‘zbekiston Respublikasi)

Maydoni – 448900 kvadrat kilometr.

Aholisi – 26021000 kishi.

O‘zbekistonning geografik xaritasiga nazar tashlar ekanmiz, Respublikamiz O‘rta Osiyoning markaziy qismida, Sirdaryo bilan Amudaryo oralig‘ida joylashganini ko‘ramiz. Faqat Toshkent vaNamanganviloyati Sirdaryoning o‘ng tomonida, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonning bir qismi Amudaryoning chap tomonida joylashgan.

Tutgan o‘rni va murakkab relyefi tufayli O‘zbekistonning tabiiy sharoitlari ham har xil. Respublikaning sharqi va janubi-sharqiy qismida Tyan-shan (Tangritog‘), Oloy, Turkiston, Zarafshon va Hisor tog‘lari bor. Tog‘larning cho‘qqilari muzliklar, doimiy qor qatlamlari bilan qoplangan. Respublikamizning g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy qismiga borgan sari ulkan tog‘lar pasayib, tog‘ yon bag‘ri tekisliklari go‘zal xushmanzara vodiylarga aylanadi. So‘ng vodiylar tugab, asta-sekin suvsiz cho‘llar, poyonsiz qumliklar boshlanadi.

O‘zbekistonni serquyosh o‘lka deb atashlari bejiz emas. Yilning deyarli 250–300 kunida havo ochiq, oftobli bo‘ladi. Bu yerda quyosh radiatsiyasining yil davomida yerga tushadigan miqdori Moskvaga qaraganda ikki marta, Kislovodsk, Yevpatoriya kurortlariga qaraganda bir yarim baravar ortiqdir.

O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 viloyat, 100 dan ortiq shahar bor. Bu o‘lka juda ham ko‘hna. Uning poytaxti – Toshkent 2200 yilligini, Termiz, Buxoro, Xiva esa 2500 yilligini, Samarqand 2750 yilligini nishonladi.

Respublikaning tub aholisi – o‘zbek xalqining ko‘p asrlik madaniyati va tarixi juda boy. Bu yerda quyi paleolitga taalluqli tosh qurollar topilgan.

Qadimda Turon, Movarounnahr, so‘ng Turkiston nomlari bilan mashhur bo‘lgan hozirgi O‘zbekiston bir necha yuz ming yillik boy tarixga egadir. Bu yerda Xorazm, Baqtriya, Sug‘diyona, Marg‘iyona kabi davlatlar bo‘lgan, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi jahonga mashhur allomalar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi din ulamolari, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur kabi ulug‘ shoirlar yetishib chiqqan. Sharq bilan G‘arbni bog‘lagan Buyuk Ipak yo‘li shu yerdan o‘tgan.

O‘zbekiston hududida yashagan xalqlar turli bosqinchilarga qarshi kurashib kelgan. Miloddan avvalgi 4-asrda Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr) qo‘shinlari, milodiy 8 – 9-asrlarda arab xalifaligi, 13 – 14-asrlarda mo‘g‘ullar bilan olishishga to‘g‘ri keldi. Bu kurashlarda Spitamen, Muqanna, Torobiy, Jaloliddin Manguberdi kabi qahramonlar ommaga boshchilik qildi. 14 - asrda buyuk bobokalonimiz Amir Temur mo‘g‘ul bosqinchilarini yurtimizdan haydab chiqarib, buyuk davlat barpo etdi. Bu davrda me’morlik, hunarmandlik, ilm-ma’rifat, adabiyot va san’at g‘oyat ravnaq topdi, chet ellar bilan diplomatiya munosabatlari o‘rnatilib, madaniy aloqalar va savdo-sotiq rivojlandi. 15- va 16-asrlarda Temuriylar o‘rtasidagi o‘zaro kurashlar natijasida mamlakat bir qancha xonliklarga bo‘linib ketdi. Shundan foydalanib butun Movarounnahrni bosib olgan shayboniylar sulolasi 17-asr boshlarigacha hukm surdi. 18-asr oxiri – 19-asr boshlariga kelib bu yerda uch davlat: Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari vujudga keldi. Chet ellik bosqinchilarning hujumlari va o‘zaro kurashlar natijasida o‘lka davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy tuzumi, madaniyati anchagina orqada qolib ketgan edi. Buning ustiga uchala davlat boshliqlari bir-birlari bilan til topisha olmas, chetdan bo‘ladigan hamlalarni bir yoqadan bosh chiqarib daf qilishga intilmas edi. Mana shunday bir sharoitda Rossiya qo‘shinlari yurtimizga bostirib keldi. Bu yerdagi hukmdorlarning noahilligi va kuchlarni birlashtirib bosqinchilarga qarshi kurashga otlanmaganligi sababli Rossiya o‘lkani birmuncha osonlik bilan egallab oldi. Mahalliy aholi istilochilarga qattiq qarshilik ko‘rsatdi, ammo kuchlar teng emas edi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan va obdan tayyorgarlik ko‘rgan rus qo‘shinlari xalqni ayovsiz qirg‘in qilib, tarixiy va madaniy yodgorliklarni vayron etib, 1865-yilda Toshkentni, so‘ngra o‘lkaning boshqa shaharlarini bosib oldi. Shu tariqa Turkiston o‘lkasi va, jumladan, O‘zbekistonning mustamlaka davri boshlandi. Tubjoy aholi huquqsizlik va qoloqlikka mahkum etildi, o‘lka esa chor Rossiyasining xomashyo makoniga aylantirildi.

Erkinlik va tenglik degan balandparvoz shiorlarni bayroq qilib olgan Oktabr davlat to‘ntarishi ham o‘z va’dasini bajarmadi. Aksincha, Moskvaning buyuk davlatchilik iqtisodiy va ijtimoiy siyosati oqibatida o‘lkamiz boyliklari talon-toroj qilindi, iqtisodiyot bir yoqlama tarzda rivojlanib, dunyodagi fan-texnika taraqqiyotidan ancha orqada qolib ketdi, aholining turmush darajasi ayanchli ahvolda qolaverdi.

Nihoyat, 1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston mustaqil deb e’lon qilindi va 1 sentabr Mustaqillik kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. O‘zbek xalqining muqaddas, tarixiy orzusi ushaldi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida xalqimizning milliy-tarixiy turmush va tafakkur tarzi, urf-odatlari asosida o‘z taraqqiyot yo‘limizni belgilab oldik. Xalqimiz erkin nafas ola boshladi. Yer yuzidagi va yer ostidagi barcha boyliklar xalqqa xizmat qilmoqda. Erkin tadbirkorlikka yo‘l ochildi, tilimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston xalqaro maydonda hamma davlatlar bilan teng munosabat o‘rnatib, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Endilikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi rivojlangan industrial davlat. Mashinasozlik, metallurgiya, issiqlik energiyasi, kimyo, yengil, oziq-ovqat sanoati sanoatning asosiy tarmoqlaridir. Qishloq xo‘jaligining asosiy va muhim tarmog‘i – paxtachilik. O‘zbekistonning boshqa qishloq xo‘jalik tarmoqlari – ipakchilik, qorako‘lchilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik ham katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston yerlari turli foydali qazilmalarga boy. 90 dan ortiq turdagi mineral xom­ashyo borligi aniqlangan. Oltin, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, tabiiy gaz, neft va boshqa foydali qazilmalar miqdori bo‘yicha ko‘pgina davlatlar orasida yetakchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda tuzlar, alyuminiy xomashyosi, qoplama bezak va qimmatbaho toshlar, ba’zi kamyob elementlarning zaxiralari mavjud. O‘zbekiston qurilish materiallari va yoqilg‘i energetika resurslariga ham boy. Kelajagi buyuk davlatni barpo etmoq uchun, ayniqsa, yoshlar ilm-fan cho‘qqilarini puxta egallashlari, fan-texnika taraqqiyotida faol qatnashishlari, yurtimizning iqtisodiy va aqliy salohiyatini oshirish uchun jonkuyarlik qilishlari kerak.

Bo'lim: O'zbekiston tarixi | Joyladi: Mc_Hack | : Uzb
Ko'rildi: 1800 | Yuklandi: 0 | Reyting: 0.0/0
Hamma Izohlar: 0
Ro'yhatdan O'tganlar Izoh Qoldira Oladi
[ Регистрация | Вход ]
Izlash
Mini-Chat
300
Kirish
Reklama
Ovoz Bering
Sayt Dizayni Yoqdimi
Foydali Saytlar